O'ZB | QQR | РУС
Mard yigit agar sevsa elati, Kundan kunga ortar uning quvvati ... Berdaq
Lirika

"Ona"

Selu do'ldan asrab o'z palaponin,

Kaklik qush o'libdi chiqmay uyadan….

Men - sening shodliging, davring, davroning,

Ro'yob bo'lgan armoningman, onajon.

Yaralgansan meni yaratish uchun,

Dunyoga boqiylik taratish uchun,

Meni deb bedor tong ottirish uchun

Dunyoga kelgansan o'zing, onajon.

Oq sutingni qorishtirib qoninga,

Entiqib ko'tarding kafting, joningda.

Oqshom beshigimni ko'yiib yoninga.

Tunlar uyqing to'rt bo'lgansan, onajon.

Sen daraxt, men mevang - ishonching, kuching,

Mensiz parvoz etmas hech ko'ngil kushing,

Har bir g'animatli nafasim uchun,

Mangu minnnatdorman sendan, onajon

Tarjimasi: R. Sodiqova

"Vatan"

Sen eng avval chayqalgansan tollar shoxida,

Men o'rmalab chiqib uning bolin so'rganman,

Tol po'stidan surnay yasab chalgan chog'imda

Sodda sasda yuragimni ochib bergansan.

"Sening bitta butog'ingman, yosholmam sensiz",

Suv bo'yida surnay nola qilarqan shu choq -

"Durust" dedi chirq-chirq qilib beg'araz, kinsiz

Farzandiga uya qurib turgan qurquldoq.

"Xudomi yo qurquldoqmi, kim mohir ekan?"

Dedi onam qushcha qurgan uyaga kelib.

Shunda seni taniganman ilk bora, Vatan,

O'z onamning mehr to'la yuzida ko'rib.

Shundan keyin shudring tushgan tongda yo'limda

Yo'ng'ichqazor ichra sariq gul bo'lib bitding.

Uzib olib poyasini solib og'zimga

"Qo'y bo'lmagin, qo'chqor bo'l",deb shivirlab ketdim.

Tarjimasi: Ma'ruf. Jalil

"Ko'ngil ko'ngildan suv ichar"

Daryolar dengizga oshiq:

Oshiqar mavj urib, toshib,

Yo'llar yo'llarga tutashib,

Ko'ngil ko'ngildan suv ichar

Do'stlik, hurmat - ulug' davlat,

Jon ozig'i - yaxshi suhbat,

Cho'lga - bahor, gulga navbat,

Ko'ngil ko'ngildan suv ichar.

Ko'kka zehn solib boqsang,

Yulduzlar so'ylashar oqshom,

O'zing buloq bo'lib oqsang

Ko'ngil ko'ngildan suv ichar.

Hushyor bo'l, inson bolasi!

Yomondir ko'ngil olasi!

Odam odamning quyoshi!

Ko'ngil ko'ngildan suv ichar.

Tarjimasi: Muhammad. Ali

"Ona tilimga"

Jirov seni poyga otday boplagan,

Hakamlar dovda obdan seni toblagan,

Alpomishlar shior qilgan jang aro

Berdaq seni qurol etib soplagan.

Boyteraksan - o'sgan ko'hna tomirdan,

Notiqliging qil sug'urgan xamirdan,

Qoraqalpoq ko'ngil qushi sayrasa

So'z durlari xazinangdan topilgan.

Naqllaring chaqib ko'rsam mag'izdan,

Aytishuvsan zehn suvin oqizgan,

Otam senga azamatlik ruh berib,

Onam senga mehr sutin tomizgan.

Ona tilim - sen, boshqadan ayirmam,

Sen turganda men ham ajab shoirman.

Shuncha qattol surgunlarda surilmay

Shu kunlarga etganingga qoyilman

Tarjimasi: Rauf. Parfi

"Toshkentli shoir do'stlarimga"

Dillar bir-birovga yaqin ham rizo,

Hech kim bu do'stlikka rahna solmagay.

Toshentga tovoni tegsa Jo'lmirza -

Toptirmas gulzorga tushgan olmaday.

Kimdir: "Oybek bilan ikkovi tonga

Soyuzdan qaygadir ketdilar", dedi.

Kimdir "Qavatida Mirtemir domla -

Pinhon shivirlashib o'tdilar", dedi

Yashin Toshkentmi, bir yoqqa ketgan…

Izlarin yo'qotib endi og'amning -

Lol tursam, choyxona yoqda bir chetdan

Qahqahin eshitdim G'afur G'ulomning.

Davrimning eng yuksak minbarlaridan

Zo'r ruh-la, siz ko'krak kerib chiqqan chog',

O'zbekning shu mag'rur, yangroq she'ridan

Mening ham ko'ksimda yuksaladi tog'.

Zilfiya she'rining baland ovozi

Yangrab, borlig'imni etganida rom -

Ozod sharq qizining barkamol nozik

Suvrati ko'nglimda porlaydi shu on.

Toshkent, 1973-yil
Tarjimasi: Omon. Matjon

"O'zbekiston"

Sayr aylab men sahar chog'da.,

Tashrif etdim ajib boqqa.

Burkanib xilvat yoproqqa

Bulbul bilan sir sirlashdim,

Shamol bilan shivirlashdim.

Bulbul aytar; - O'shal ma'vo

Azal-boshdan etgan shaydo.

Shu boisdan tinmay aslo

Sayray-sayray esim ketar,

Havas ortar undan battar.

Shamol aytar: - Sahro oshib

Kelgan chog'im guvlab, shoshib.

Nozli chaman bag'rin ochib

Tinchlantirib olar jonim,

Savr bo'lar quv bo'ronim.

Gul yuzida shabnam yonar,

Olmazorlar xush sollanar.

"Uz mevamni" deb yolborar,

"Sinib ketmay turib belim,

Uz mevamni, - deydi - menim".

Tarjimasi: Abdulla. Oripov

 
Izla: ibroyimyusupov.narod.ru
Narod.Ru
Yandex
Сайт управляется системой uCoz